Men ham uşbu axborot talotumida qolib ketganimni inkor etmayman. Talotum şundayki, odamlar davlat va…
Men ham uşbu axborot talotumida qolib ketganimni inkor etmayman. Talotum şundayki, odamlar davlat va rahbarlariga şubha ila qaraydilar, hukumat tizimidagilarning ham ongi iştiboh ila töladi, xalq va hokimiyat orasida jarlik paydo bölib, ikki tomon bir-biriga qörqinç va gumon ila boqadi.
Bu hol şunday tajalliy etadi: davlatga qarşi çiquvçilar, rahbarlarni tanqid etuvçilar qahramon ölaroq köriladi, ularga haqiqat yalavbardori deya qaraladi, ular ham şundaymiz deb öylaşadi; davlat tarafdorlari sotqin deb malakalanadi, laganbardor deb sifatlanadi.
Bu juda ham katta fitnadir. Aqli solim odamgina uning mohiyatini yorqin idrok etadi.
Gap şundaki, men ham ana şunday “qahramonlar” sirasidan edim. Mendan “qahramon” yasagan guruhlar bor edi. Zimmamga ana şu “qahramonlik” statusini saqlaş hissi ham yuklangan edi, tabiiy. Lekin bu “qahramonlik” maqomidan Xudoning özi qutqardi. Juda köpçilik yaxşilar birgalaşib men uçun qayğurişdi. Ular asl holatni anglatişga xöp urindilar, özimning fikrlaşim uçun, anglaşim uçun duo etdilar. Ular eng avval ota-onam, ustozlarim, döstlarim va, albatta, muhtaram prezidentimiz Şavkat Mirziyoyevdir. Çunki 2020 yil, 27 avgust kuni qamoqdan çiqişim bevosita Yurtboşining farmoni bilan böldi. Endi u odam haqida ijobiy gapirişim ayrimlar tomonidan göyo sotqinlik, göyo öz maslagiga qarşi keliş deya talqin etildi.
Şaxsimga katta hujumlar uyuştirildi.
Töğri, bu hujumlar şiddatli böldi. Zotan, bu bir uruş edi. Uruş esa oson keçmaydi.
Vaqt ötib, yaxşilar dastagi, ustozlar duosi va yöl-yöriqlari ila köz oldimdan pardalar kötarildi. Tanlagan yölim xato emas, töğri yöl ekanligini kördim. Voqealar mohiyatini angladim. Allohga hamd aytdim. Davlatni qöllab-quvvatlaş, Yurtboşi tarafida turiş, uni ezgu işlarga ilhomlantiriş, yaxşi işlari uçun olqişlaş, ruhiy madad böliş hamma uçun foydali ekanligi aniq va ravşan namoyon edi.
Bugun 880 sahifadan iborat zalvorli kitobni çop etiş şarafini menga Parvardigorim nasib etdi. Bu hazratim Alişer Navoiyning “Hayrat ul-abror” kitobiga yozganim şarhdir. Unga qarab, şu işga imkon bergan Robbimga şukur qildim hamda bu iş uçun bevosita şaroit hozirlagan Yurtboşimga rahmat aytişim kerakligini his etdim. U odam oilamizga yaxşilik qildi, menga yaxşilik qildi. Uning Yangi Özbekiston, Uçinçi Renessans ğoyalariga işonaman. Hazratim Alişer Navoiyning merosi bu ulkan islohotlarning ma’naviy poydevori bölib xizmat qilişiga mutlaqo aminman.
Muhtaram Prezident!
Sizga minnatdorlik bildiraman. Kamina ilm ila xalqimizga xizmat qilişni istayman. Odamlarimiz ruhini nurlantiriş, ularni yaxşilikka çorlaş, yomonlikdan qaytariş ilm ahlining boş vazifasi deb bilaman. Şoyad, Parvardigorim mana şu şarafga mendek şikasta qulini muvaffaq aylasa deb umid qilaman. “Hayrat ul-abror” şarhini Sizga şaxsan dastxat ila hadya qiliş niyatidaman. Bu bilan menga bildirgan işonçingiz behuda ketmaganligini ozgina bölsa ham bildirişni xohlayman.
Kaminaga na mansab, na martaba kerak. Şunçaki, ota-bobolarimizning tabarruk qölyozmalarini öqib, xalqimizga yetkazişni, yoşlarga öqitişni orzu etaman. Menimça, Sizning boşçiligingizda bu orzu röyobiga erişaman, inşaaAlloh.
Muhtaram Yurtboşi!
Sizga nafaqat bu kitobni hadya qilmoqçiman, balki Sizni uning taqdimotiga taklif etmoqçiman. Çunki bu hazratim Alişer Navoiy va bu “Hayrat ul-abror”. Muhtaşam tafakkur merosi. Sizning taşrifingiz buyuk mutafakkirga nisbatan mislsiz ehtirom ramzi bölib qolajakdir.
Banda xatodan xoli emas. Şarhda yöl qöyilgan barça nuqsonlar ojizligimdandir. Bu sahvlarga kitobxonlar, ustozlar, olimlar afv nigohi ila boqişlaridan umidvorman. Xudoyim bu nuqsonlarimni mağfirati ila keçiradi va ularni töğirlab borişimni nasib etadi deb köz tutaman...
Samimiyat ila Akrom Malik,
21 dekabr, 2024 yil.
PS.
Hurmatli kuzatuvçilarga aytişim mumkinki, uşbu maktubni bugun Toşkentdagi Respublika Xalq qabulxonasiga kitob bilan birgalikda topşirdim, rasman röyxatga olib qabul qilib qolişdi.



Izohlar
Hali izoh yöq. Birinçi bölib fikr bildiring.