Rivojlaniş – avjda. Haşamatli binolar. Kastim-şimli odamlar. Minglab insonlarni jamlagan xonalar. Notiqlar –…
Rivojlaniş – avjda. Haşamatli binolar. Kastim-şimli odamlar. Minglab insonlarni jamlagan xonalar. Notiqlar – monitordan qandaydir çizmalarni körsatgan, özini oliftanamo tutgan, suzilib, çözilib, tinglovçilar diqqatidan mast bölib, yettinçi qavat osmonda uçayotgan notiqlar. Çiroqlar. Musiqa. Taralgan soçlar, yaraşgan liboslar, hipça qomatlar, savlatli qaraşlar. Içingda nimadir jizillab ketadi. Birdan yuraging gupirlab ketadi. “Men ham şular safida bölsaydim!” Bu manzara youtubedagi videoda rosa jazzob körinadi. Hammaning oğzidan boylik va’dasi yangraydi: “Boy böl! Boy böl! Yana boy böl!” Ora-sirada, masalan, islom, ummat, musulmonlik kabi sözlarni qistirib ketişadi: “islom moliyasi”, “musulmonçilik an’analari”, “islom moliyasi şu qadar mukammalki”, “agar ateist bölganimda ham, islom moliyasini tanlar edim”, “ummat uçun xizmat”… Lekin diqqat qilinsa, ularning turq-u tarovatlarida na islom, musulmon körinadi. Ammo moliya bölişi mumkin. Yoş va samimiy, dovdir va xom, dumbul va din bilan yangi tanişganlari hayotining eng buyuk işini qilayotganlariga işonayotgandek ham körinadi. Lekin qalblardagi qayğu ne ekanligini har kim özi tekşirişi kerak: bir tarozini özing uçun yasa; uning bir pallasiga moliya, boylik, obrö, dunyo taşvişini qöy; ikkinçi pallasiga ölimdan qançalik qörqasan, oxiratni qançalik öylayapsan, Xudoning zikri va Unga şukur uçun neça dona lahzangni ajratyapsan – şularning javobini qöy – adolat bilan qayt-çi, qaysi tomon oğir kelyapti? Javobi menga ham, Eş bilan Toşga ham qiziq emas, özing bilib qöy, yetadi. Javobi aslida qaysi tomonda turganingni, aniqroği nima bilan ovora ekaningni körsatadi. Hajm va miqdor ba’zan mohiyatni aks ettirmaydi. Yuksak hajm va köp miqdor mohiyat şu qadar yuksak va pok degani emas. Xuddi qalaştirilgan va turli istilohlar bilan ziynatlangan nutq hamişa ham haqiqatni aks ettirmagani kabi. U sahnadagilar, u zeb-u ziynatga burkangan zotlar bu videolari orqali bozor oçmoqdalar, xolos. Ularning tomoşasi bozor rastasidan farqsizdir. Bunday rastalar faqat ularga xos emas, dunyo ahlining har biri dunyo maydonining har bir qariçini bunday rasta bilan, yoyma bilan töldirib taşlaşgan. Ularga angrayib yuriş bilan kun keç böladi. Vaqt ötadi. Ularning safiga qöşilay deyiş öz qiymatingni yerga urişdir. Har kim Xudo uni qöygan joyida azizdir. Toşbaqaning uçaman deyişi özi uçun qanday ziyon bölsa, çumçuqni yerda yaşaş istagi özi uçun şu qadar xatardir. Har kimni himoyasi uning turgan joyi va tutgan maqomiga yaşiringan. Bundan keyin “taraqqiyot” avj olaveradi, “rivojlaniş” alangasi qamrab olmagan maskanlar qolmaydi, faqat vaqt kerak, xolos. Qalbi va aqlini, jismi va naslini, dunyo va oxiratini saqlab qoliş, ya'ni bu yonğindan jon saqlaş, balki bu olovda özingga kerakli ovqatni kuydirmay pişirib oliş endi asosiy işga aylanadi. Yer istalgan paytda yoriladi, osmon istalgan paytda yomğir emas, toş yoğdira oladi, şamol sendan söramay olamning kulini kökka sovuradi – yer yuzida qançalik bino va imoratlarni qurma, ularning baland ekaniga qarab qançalik mast bölma, ularni bir zumda yöq qiladigan Kuç bordir. Har qança gavjum davrada bölma, har qança lazzat oğuşiga çökma, baribir yolğizlik aççiğini totmoqqa majbursan, baribir, zaiflik zanjirida jon berişga mahkumsan. Qalb sohiblari, aql egalari möljalni şunga qarab olişadi, möljaldan adaşib qolişmaydi. Osmonöpar minoralar örmonida özingni yöqotib qöymasang, bas, aks holda, keyin topişing juda mahol.
Akrom MALIK




Izohlar
Hali izoh yöq. Birinçi bölib fikr bildiring.