Til

Mumtoz oila

Sakkizinçi bob

Sakkizinçi bob — rasm

Sakkizinçi bob

QAYINYURT

Oltinçi fasl

Qaynopa, qayinsingil, ovsinlar va qudalar

Kelinning masalasi faqat qaynona yoki qaynota, kuyovtöra bilan bitmaydi: bu yoqda qayin opa, qayin singil degan insonlar bilan ham davom etadi. Kelinning ularga qiladigan muomalasi ma’lum: oçiq çehra, hurmatlarini joyiga qöyiş, sizlab çaqiriş, zarurat örinlarida ularga beğaraz yordam beriş. Qaynopa, ayrim hududlarda qaynagaçi, qaynegaçi ham deyiladi; – köp hollarda turmuşga çiqib ketgan böladi, vaqti-vaqti bilan qizlik uyiga qadam ranjida qilib turadi. Aqlli, huşli qaynopalar aka yoki ukasining baxtini öylaydi. Kelinni qadrlaydi, yaxşi gapiradi. Ahmoq qaynopalar kelinni çaqadi, ilonlik qiladi, özidan xiralik qoldiradi. Qayinsingillar aksar hollarda erka bölişadi. Ularning bir toifasi kelinoyisiga – ayrim hududlarda kennayi, kennoyi, yanga va hokazo – suyanadi, sirdoş böladi; bu juda yaxşi, çunki bunday döstona munosabat oilaning ruhiy va hissiy muvozanatini ta’minlaşda muhimdir. Birinçidan, yanga va qayinsingil örtasidagi yaqinlik ikki tomonning qalbi uçun muhim, qalb doim kimnidir döst tutgisi keladi, ayol jinsiga mansub ikki tomon bir-birini döst tutsa, sirlaşadi, dardlaşadi, yengillaşadi, turmuşning turli qiyinçiliklarini yengiş osonlaşadi. Ikki tomon ham özaro sof va samimiy döstlikni saqlasa, ya’ni yanga har narsani gapirib, qayinsingil tuşunmaydigan narsalarni aytmasa, kelajakda bu ittifoq yaxşi mevalar beradi: kelin uçun kennoyining ögitlari maktab böladi, uni kelgusi hayotga tayyorlaydi; yanga qayinsingil uçun rözğor işlarida örnak böladi, hatto kelajakda ular quda bölib ketişlari ham heç gap emas. Yanga va qayinsingilning döstligi qudalararo iliq munosabatlarga ham ijobiy ta’sir qiladi. Lekin uning aksi yomon – agar yanga va qayinsingil yovlaşsa, bir-birining aybini axtarib vaqt ötkazadi; bir-birini har joyda malomat qilişdan tiyila olmaydi; qayinsingilga keladigan sovçilarga ayrim yangalar ta’sir ötkazişga urinadi; qayinsingillar onasiga kenayisini yomon körsatiş uçun kuraşadi; çorasiz va zaifa kelin qayinsingilni ota-onasiga borib yomonlab qöyişi heç gap emas; natijada, ğiybat yoş qizning şa’niga nomunosib ravişda tarqaydi.

Şu sababli dono qaynona vaziyatni oqilalik bilan qölga olişi, ya’ni kelin va qizining orasini çiroyli bölişini ta’minlaşi kerak. Buning uçun qiziga kelin haqida ijobiy tasavvur kiritsa, qizi kenayisini ğiybat qilsa, kelinni himoya qilsa, yaxşi natija böladi: “Qizim, yangangni töğri tuşun, harakat qilyapti, sen ham yoşsan...” Ayrim qaynopa va qayinsingillar turmuşga çiqib ketsalar ham, qizlik uylariga kelib, kenayisi bilan maxsus janjal uyuştirişar emiş. Sababi şunçaki yoqtirmaslik ekan. Şunçaki yoqtirmaslik şaytonga xos. Şaytonlik qilmaslik kerak. Inson nafsini tergaşi kerak: u yangam, bu akam. Nima uçun akamning oilasini notinç qilişim kerak? Nima uçun birovning qalbini vayron etişim kerak? Qaynopa va qayinsingil akaning bolasi uçun amma; aka esa opa-singlisining bolalari uçun toğa; şunday qilib, ammavaçça va toğavaççalarning özaro ittifoqi oila uçun ahamiyatli. Kelajakda begonaga emas, ular bir-birlariga suyansalar, yaxşi böladi. Bu esa kenayi va qaynopa, qayinsingillar munosabatiga boğliqdir. Ovsinlar oilada muhim figuralardandir. Ularning har biri öz eriga ta’sir ötkaziş kuçiga ega. Ular dono bölişlari, oilaning, sulolaning umumiy manfaatini heç qaçon unutmasliklari kerak. Içida hasadi bölgan ovsin, albatta, nimadir deydi. Ayrim ovsinlar ğayriixtiyoriy ravişda ikkiyuzlamaşi böladilar: qaynonaga oğzidan bol tomadi, ammo ovsinini ğiybat qiladi; öşa ovsin oldiga borib, qaynonani yomonlaydi; şu hunarni ovsinlararo ham amalga oşiradi: unisiga borib, bunisini; buniga kelib, unisini çaynaydi. Şunday qilib, hamma joy sasiydi. Er degani köp hollarda xotinning gapiga kiradi – e, ukamning xotini şunday ahmoq ekan yoki e, akamning xotini şunday yomon ekan deb öylaydi. Masala bu bilan tugamaydi – ovsinlar aka-ukalarni ham bir-biriga qarşi qayraşlari mumkin. Sodda er xotinning gapiga qarab, aka-ukasi haqida yomon gumon qilib yuraveradi: “Akam (yoki ukam) ğirt xotinquli çiqdi-da!” – deb. Ovsinlar ba’zan bolalar talaşib qolişsa, örtaga ham tuşadilar. Şu tariqa bolalarning janjali kattalarning uruşiga aylanadi. Koşki, bolalarni yaraştirib, kelişib öynanglar-da, bir-biringlardan qizğançiqlik qilmanglar deb aytiş bu xotinlarning biroviga aql bölib kelsa! Yöq, ular bolaning oldiga tuşib yuguradilar. Bu kabi mayda-çuyda gaplar yillar sayin sasiydi, pang boğlaydi, ildiz otadi, kökaradi, zahar yiğadi, oqibat, bolalar katta böladi, bu xotinlar ham kampirlik ostonasiga qadam bosadilar, lekin eski arzimas sabablar ustiga qurilgan adovatlar sulolaning birikmasligi, özaro ğiybatlaşib, ğinğillaşib yurişiga, hatto olamga şarmandayi şarmisor bölişiga yetaklab boradi. Şu sababli aksar oilalarda bu turdagi adovatlarni körasiz. Tarixiga qiziqsangiz, ahmoqona “dedi-dedi”lar ustiga qurilgani ayon böladi. Bundan xulosa qilsa böladiki, hurmatli erlar, hurmatli qaynonalar ovsinlarning adovatlaşişlariga, adovat uyğotişlariga, özaro ğiybatlariga izn bermasliklari, kimdir tomonga ötmay, adolatva insof közi bilan vaziyatni baholaşlari lozim böladi; mayda kamçiliklarga köz yumişlari, fitnalarni bostirişlari, kerakli örinda qattiq turişlari şart. Quda bölding – judo bölding. Qudaçilik – ming yilçilik. Ha, quda böldingmi, endi özaro ehtiyot, hurmat-ehtirom şart. Qudalar bir-birining qadrini bilişlari, doim törga ötqazişlari, eng birinçi örinda ularni e’zozlaşlari kerak. Quda taraflarning köngli nozik. Ayni paytda qudalar bir-birini keçirişlari, ayb-u qusurlaridan köz yumişlari, bir-birlariga yordamlaşmoqqa hamişa şay turişlari lozim. Mabodo qizlari şikoyat qilib qolsa, şikoyatdan qaytarişlari va insofga, diyonatga çaqirişlari kerak. Hadya – yaxşi narsa. Qudalar bir-birlarinikiga yaxşi hadyalar beraverişsin. Musobaqlaşiş uçun emas, mehr-u muhabbat baqosi uçun. Bir-birlariga samimiy bölişsinki, farzandlarning baxt-u kamoli uçun. Yoşlar, ya’ni farzandlar ba’zan ğijillaşib qolişsa, örtaga tuşib olib, tomoşa qöymasinlar, askinça, çiroyli nasihat ila yoşlarni töğri yölga boşlaşlari kerak. Agar qiz eridan şikoyat qilsa, darhol kuyovni yomon körib, toş otişdan avval qizim, özingdan nima ötdi deya biliş lozim. Hatto tezda biror keskin çora körişdan avval kuyovga yaxşi bir sovğa qilib, könglini eritiş kerak. Muammoni yaxşilik bilan hal qilmoq – oqillar işi. Kuç va zulmga tayaniş – johillar işi. Qudalar özaro oilada ham, köça-köyda ham bir-birlarini maqtaşsin, himoya qilişsin – bu eng muhim axloqdir. Qudaçilik – juda nozik rişta. Ikki tomon ham bu riştani uzib yubormaslik, balki ozgina bölsa ham zaxmat yetkazmaslik uçun kuraşsin. Ikki tomon ham bolasiga nasihat qilsin: “Öğlim, kelinni ehtiyot qil, yaxşi gapir!” “Qizim, kuyovimga itoat qil, gap qaytarma, könglini ol!” Faqat ahmoqlikning haddi a’losiga çiqqan onalar qiziga eringni qölga ol deb örgatadi. Xudo saqlasin. Aziz kitobxon! Maqsadimisiz – oila qörğonini mustahkam saqlaşdir. Bu yölda, nima kerak bölsa, eng muxtasar şaklda aytdik. Imkon qadar yaxşi sözlang, yaxşi gumon qiling, yaxşilik qiling, dilxiraliklarni unuting, keçiring. Şunda oila imorati boqiy qoladi.

Akrom MALIK

1 570marta körilgan

Izohlar

    Boşqa maqolalar

    Tahlil

    Uşbu hikoyatni öqib, bir neça holatlarni anglaş mumkin. Eng avvalda odamlar özgarmaganini biliş mumkin. Ya’ni, hikoyatda bir qattiqqöl ustoz bor va buni muallif juda yomon…

    1 daqiqa

    Saytga kiriş

    Reaksiya qoldiriş, izoh yoziş va sozlamalarni saqlaş uçun kiring.

    Davom etib, siz foydalanuvçi kelişuvi va maxfiylik siyosatiga rozilik bildirasiz.