Ozod inson falsafasi
OZOD INSON FALSAFASI
OZOD INSON FALSAFASI
Birinçi bob
Manzara
Hozirgi kunda kuzatilayotgan holat, menimça, bunday: yoşi kattalarda mas’uliyat hissi kamaygan, ular yoş avlod, xususan, öz farzandlari kelajagi va axloqi oldida javobgarlikni his qilişmayapti.
Bu haqiqatning tajalliysini şunday manzara bizga namoyon etmoqda: maktabni bitirib kelayotgan yigit-qizlar, maktabni bitirganlari ham, dorilfununni xatm qilganlar ham öz kelajagini biror şaklda tasavvur qila olmaydi – bu birinçi nuqta; ikkinçi jihat şuki, yoşlar ommatan va xossatan, yoppasiga va yakka holda ham öz qiymatini, inson sifatida uning bahosini belgilaydigan xulq va adab qoidalaridan, zamonaviy tilda aytsak, insoniy madaniyatni körsatib beradigan asosiy könikmalardan xabarsiz holda ulğaymoqdalar.
Özini izlab, özini tanişga iştiyoqmand yoşlar aqlini taniy boşlagaç, men kimman, qanday yaşaşim kerak degan savolga duç keladilar. Şu savolga javob axtarib, yon-veriga alanglaydi va hammaga köz tikadi. Tanasida uyğonayotgan şahvat lazzati va jamiyatdagi tartibsizlik, heç kimning heç kim bilan işi yöqligi, odamlar bir-birini aldab, bir-biriga dilozorlik qilayotganiga guvoh böladi va yelkasini qisib bir muddat tek qotadi.
Turli manbalarga qiziqadi, tabiati hamda oiladagi muhiti, uçragan ilk taassurot va hissiyotlariga tayanib, asta-sekin hayotiy tamoyillarini şakllantirişga kirişadi. Jamiyatdagi qizil çiziqlarni köradi – nima mumkin, nima mumkin emas. Eng qiziği, bugungi kunda qizil çiziqlar faqat siyosatda qolgan, xolos.
Deyarli boşqa hamma qizil çiziqlar bosib ötilgan va ular öçirilmoqda ham. Haddan taşqari zaiflaşib qolgan axloqiy, aniqroq aytganda, urf-odatga daxldor qizil çiziqlar ustida ayyuhannos solmoqdalar.
Yoşlar köz oçib körayotgan dunyo bunday: hamma öyin-kulgi ortidan çopayotir, heç kim maşaqqat va qiyinçilikka rozi emas, imkon qadar qulaylik va haşamat yaratiş işqida insoniyat yonib-kuyayotir; yemaklar haddan taşqari köp; içimliklar xilma-xil; hamma narsa ostonaga keltirib berilmoqda. Insonlarning baxt-u saodati, quvonç-u şodligi uç narsa bilan ölçanmoqda: boylik, lazzat va şon-şuhrat. Hamma boy bölsam deydi.
Pulim köp bölsa deydi. Köp pulga arava olsam, baland uy qursam, yumşoq örinlarim bölsa, çiroyli jihozlarim bölsa va hokazo. Bu boylik vositasida paydo bölgan narsalardan közlarim, tanam lazzatlansa – mazali taomlar, şirin içimliklar, dengiz böylarida hordiq, jismning gözalligi uçun sport, çiroyli juftlar qölga kirsa!
Söng hamma uni tanib, olqişlasa, bu qanday vosita bilan röy berişi qiziq emas, asosiysi, odamlar qoyil qolib barmoği bilan körsatib, qanday ham taniqli odam deyişsa, bas. Şu bois, blog yuritadilar, turfa kontentlar tayyorlaşadi, qöşiq aytişadi, raqs tuşişadi, omma qiziq deb bilgan masalalarda hammaning diqqatini tortadigan munosabatlar bildiriladi; kerak-nokerak örinlarda hamma muammoga burun tiqaveriladi.
Bu istaklarni amalga oşiriş uçun barça şaroit muhayyo: sport zallari, konertlar, musiqa va aşula musobaqalari, festivallar, ijtimoiy tarmoqlar va rağbatlar. Qança baçkana bölsang ham, dakki beradigan heç kim yöq. Xayolingga kelgan har qanday qiliqni qilsang ham, jazo olmaysan – harakating jinoyat nomi bilan qonunlar kitobiga yozilmagan bölsa, bas. Jinoyat qilsang ham, deyarli maşaqqatli tomoni qolmagandek, masalan, odam öldirsang, 20 yilga qamalasan.
Qamoqda bir joydan çiqmasligingni hisobga olmasa, yemak-içmak joyida. Yaqinlaring bilan har uç oyda uçraşuv. Şundoq ham ozodlikda ham ular bilan hadeb körişavermasding. Davlat sendek qotilni tekinga boqadi. Ustiga-ustak, Ğarb tomonlardagi hukumatlar biz mahkum jinoyatçilar haqlarini himoya qilamiz, ular oppoq par yostiqda uxlaşsin deb talab ham qöyişadi. Va hokazo.
Mana şu kontekstda endi ulğayib kelayotgan yigit yo qizni eng avval şunday masala öylantiradi: “Qanday qilib, işlab pul topsam?”
Odam böliş, hayotiy tamoyillarni belgilaş ortda qoladi. Tirik qoliş masalasi eng avval keladi.
Albatta, men kimman va qanday yaşaşim kerak degan savol şu jarayonda yeçilib ketadi: men sotsial bir yaratiqman; işlaşim kerak, işlaşim uçun kasbim bölişi kerak, kasbimni mukammal egallaşim uçun öqişim kerak, öqişim uçun qunt va sabr kerak, ota-onamning puli kerak, yaxşi tanişlar orttirişim kerak, işçan va ğayratli bölişim kerak, boşliqni xafa qilmasligim kerak, odamlar bilan kelişmoğim kerak, çiroyli kiyinişim lozim, qomatim joyida bölsin, semirib ketmayin, aqlli körinay, gapdon bölay, öz statusimni kaşf qilişim kerak, duşman orttirişim mumkin emas!
Yana qöşimça qilsak: tuzalmas kasalga çalinib qolmay, obröyim tökilmasin.
Nima uçun yaşayapsan degan savol bu ziçlik içida ğoyib böladi, çunki jarayon şu qadar tezki, bir on töxtab fikr yuritişga imkon yöq: tezroq böl, yugur, keçikma, pul top, nişonla, bayram qil, kiyim ol, maktabga bor, prava ol, öqişga tayyorlan, öqi, yodla, imtihon topşir, kurs işi yoz!.. va hokazo.
Agar bu işlarning birortasida keçiksang, adoyi tamom bölasan: sen jamiyatning eng qoloq vakiliga aylanasan: seni heç kim eslamaydi, davralarga çaqirmaydi, hurmat qilmaydi, instagramda kontentingga heç kim qiziqmaydi.
Ustiga-ustak, keça tuxumdan çiqqan bir qariç jöjaxöroz voizlarning qiçqirib, ovozi tinmaydi: soft skill qozon; öz ustingda işla; çet el universitetiga grant yut; köp kitob öqi; maqsadingni aniq belgila; öz örningni topgunça har qayoqqa qarab sakra! – bu işlarning hammasini men qilganman, mana, mendan örnak ol! (aslida, itdan battar dangasaman, çöçqadan battar isqirtman, aytayotgan narsam – mening spektakldagi obrazim)
Şunday qilib, hammaning közi virtual olamga tikilgan, ovqat yeyiş, kiyiniş, işlaş va xojat qiliş uçun undan uziliş mumkin, lekin şu onlarda ham virtual olamdan uzilib bölmayapti:
“Jamiyat siyosiy uyğonişi kerak! Siyosiy faol bölaylik! Mana, Jon Lokk... Mana, Montsekyu... Mana, kuçsizlar kuçi... Bu jamiyat tafakkurining kristallaşgan şakli... Siyosiy tavtalogiya hamda nepotizim... Demokratik tamoyillar va liberal qaraşlar bilan haddan taşqari konservativ yondaşuv orasini ajratiş kerak...”
“Siz ajdodlaringiz qilgan gunohlar kasofatiga qolgansiz... Sizlarni men davolayman... Bolalik travmalaridan qutuling... Hammani keçiring... Bitta qoğozga hamma gunohlaringizni yozing..."
“Ayollarga erlari zulm qilişadi... Özingizga vaqt ajrating... Siz ayolsiz, şuni unutmang...”
“Asosiy masala – intim hayot... Bizda undan uyalişadi... Uyalmaslik kerak, axir, bu hayot...”
“Jamiyat erkin fikrlaşi kerak... Fikrlaşga tösiq qöyadiganlarni aspalt qiladigan traktorda ezib taşlaş kerak... Qirq millionli biomassa ijodni tuşunmaydi... San’at san’at uçun... Rasm köriladi, musiqa eşitiladi, şe’r öqiladi...”
Albatta, bu kabi iqtiboslar ham virtual olamni töldirgan şovqinlarning hammasini qamrab oliş imkonsiz, çunki tuturiqsiz vaynlar, egasidek bemaza aşulalar hamda sözga köçirib yoziş qiyin bölgan javraşlar borki, ularni hatto tasniflaşdan ma’ni körinmaydi, lekin bu narsalarning hammasi bugungi kunda deyarli hamma odamlarning miyasida ğordagi aks-sadodek aylanişib yuribdi.
Qop-qoronğu çangalzor. Tun. Daraxtlarning tanalari, bir-biriga çirmaşgan butalar, botqoqlar, çirillagan, xirillagan ovozlar eşitiladi. Osmondagi oyning nuri quyuq şoxlar orasidan bazör ötib örmon sathiga tuşadi.
Şu paytda birdan tap etgan ovoz eşitiladi: yerga qayerdandir, şunçaki, yöqlikdan bitta miya va bitta yurak bir-biriga ulangan holda yaxlit tana ölaroq tuşadi. Birdan atrof guvillaydi: daraxt va butalar orasidan sanab bölmas darajada köp şoqollar, çiyaböri, tulki va boşqa yirtqiçlar otilib çiqadi. Ularning hammasi miya va yurakni öziga ölja qilmoqçi.
Miya örnida turadi, usti-boşini qoqadi. Yurak bir maromda urmoqda. Bu ikkisi hali bu yirtqiçlarni tanimaydi, şu sababli qörqmaydi. Hammaga hayron qaraydi, hammasi qiziq körinadi. Orada xar xil ilonlar ham bor: kapça ilon, kölvor ilon, sariq ilon, qora ilon, öqilon...
Ajabo, heç biri miya va yurakka hujum qila olmaydi, sababi miya va yurak bu hayvonlardan qaysi biriga mayl qilsa, öşanga ölja bölarkan, şundan kelib çiqib, hamma vahşiylar özining hunarlarini körsatadi: hammasi miya va yurakni öziga ergaştirib ketsa...
Bu manzaraning ma’nosini hurmatli kitobxon tuşungan bölsa kerak: miya va yurak bugungi kunning bolasi; qop-qora örmon – virtual olam; yirtqiçlar – virtual olamning sehrgarlari. Yoş qalb qaysi yirtqiçga asir tuşmasin, unda biror haqiqatni tubdan kaşf etişga imkon bölmasligi mumkin.
Nega yaşayapman? Qanday yaşaşim kerak? Halovat nima? Inson kim? Insoniylik nima? Adolat qayerda? Haqiqat nima?..
Bu kabi savollar oçiq qoladi. Ertaga ulğayib, miyasi qotgan yigit yoki qiz keyin faqat tananing qayğusida qoladi.
U hali yoş ekan, uning ruhi hali qorayib ketmagan ekan, uning qalbi hali kasallanmagan ekan, nafsi hali uni zanjirlab olmagan ekan, hammasini anglaşi kerak. Ozod odam bölib qolişi kerak. Ozod odam böliş uçun olam, hayot va odam haqidagi hamma gaplarni tizimli örganib çiqişga majbur.
Qiziq, odamzod bu aytilgan vaziyatga hozir kelib tuşdimi? Tarixda qanday edi? Tadrij qanday keçdi?..
Akrom MALIK



Izohlar
Hali izoh yöq. Birinçi bölib fikr bildiring.