Mumtoz oila
ÖN BEŞINÇI BOB
ÖN BEŞINÇI BOB
OILADA IBODAT
Ibodat inson ruhining quvvati manbaidir. Ibodatsiz insonning ruhi zaifdir. Ibodat Egasi huzurida bandaning boş egişi, özini xatarsiz va xotirjam his qiladigan lahzasidir. Har qanday inson ibodatga muhtoj. Ibodat uçun namuna köçadan emas, oiladan olinsa; ibodat begonadan emas, otadan örganilsa, bu eng töğri iş bölur edi. Ibodat bu, eng avvalo, şaxsiy masala. U bilan birovga minnat qilinmaydi, maqtanilmaydi, ibodat qilyapman deb boşqalardan özini inson ustun tutmaydi, ibodati uçun heç kimdan heç qanday imtiyoz kutmaydi. Bu işlarning barçasi ibodatning mohiyatiga ziddir. Kim ibodati uçun özini boşqalardan ajratsa, boşqalarga berilmagan alohida maqomni kutsa, ibodatni faxr vositasiga aylantirsa, uning holati har qanday holda ham xatarli tus oladi. Özbek jamiyati ibodat bobida ilmsizlik va çorasizlik çangalida qolgan. Xolis ibodat qilguvçilar insonlarning eng yaxşilari bölgani holda ulardan qörqiş, ularni mardud, qoloq va xavfli toifa deb biliş kayfiyati şakllangan. Buning boş sababi – ibodat bobida odamlarning juda katta qismi poydevoriy tamal ilmlarga ega emasligidir. Ya’ni insonlar ibodat nima va nega kerak degan savolning javobidan xabarlari yöq. Natijada, kişilar ibodat işiga köpinça kör-körona yondaşadilar va ibodat qilayotganlarning tirikçilik va xulq bilan boğliq işlari bir-birga qarama-qarşi bölib qoladi. Masalan, ibodatli odam pul topaman deya yolğon gapirişi, qöpol va dilozor bölişi, kibrli va hamma narsani inkor etguvçi bölişi ham kuzatiladiki, oqibatda, ibodatga bölgan munosabat yanada murakkablaşadi. Inson jismi tuproqdan yaratilgan bölsa-da, uning tirik bölişi uçun tanasining 70 foizi suvdan iboratdir. Suv boşqarilişi qiyin bölgan bir moddadir, şu sababli bölsa kerak, inson axloqi va işlarini bir xil sifatda uşlab turiş maşaqqatlidir. Odam har kuni va har doim ham töğri işlarni qila olmaydi; har doim ham kayfiyati yaxşi va kuraşçan yura olmaydi; har doim ham muloyim va odobli böla olmaydi – u tez-tez harakatlarida izdan çiqib, holati özgarişlarga yuz tutib qolişi ehtimoldan xoli emas. Şuning uçun u ibodat qilsa, Xudoga boğlanib, öziga fayz va quvvat hosil etadi hamda xatolarini idrok etadi, hayotga şavqi oşadi, köplab yomonliklardan tiyilişga heç yöqsa, urinadi, unday bölmasa ham, yomonliklari uçun nadomat qiladi. Bundan kelib çiqadiki, odamlarning ibodatlariga tösqinlik qiliş, ularning ibodatlari uçun şaroit hozirlamaslik jamiyatning umumiy ruhiy xotirjamligi va baxtiyorligiga putur yetkazadi; jamiyatda ruhiy taranglik va özaro kelişmovçiliklarni kuçaytiradi.
Bu masalaning bir tomoni. Ikkinçi tomoni şuki, ibodat ma’rifat bilan birga tirikdir. Bu degani inson ibodat bilan bir qatorda uning mohiyati va zaruratini örganib borişi, bilganlarini takrorlaşi, orif insonlar suhbatidan bahra olişi kerak degani. Ma’rifat bu eng avval foydali ilm, balki Haqni taniş, odamlarni tuşuniş, sabrli böliş, şukurni seviş, yaxşilikka intiliş, yomonlikdan qoçiş, kamtarlik, xatolarni tan oliş, keçirimli böliş, mehr-muhabbatni lozim tutiş demakdir. Bunday sifatlar Xudoni tanigan odamda kamolotga yetadi. Ma’rifat ustida paydo böladigan ibodat insonni ikki dunyoga oid maqsadlarga yetişi uçun vosita böla oladi. Demak, har bir oila öz bolalarini ma’rifatga oşno qilib, ibodatda sobit turadigan insonlar bölib ulğayişlariga diqqat qaratmoqlari kerak. Unutmaslik darkorki, ma’rifatsiz ibodat jaholat; ibodatsiz ma’rifat yolğonçilikdir. Ibodatlarni ado qilişdan avval ularni körsatilganidek bajarişni töğri manbadan örganmoq zarur. Buning uçun imomlardan yordam söraş kerak, astoydil söralsa, heç kim bundan böyin tovlamaydi. Qonunda ön sakkiz yoşgaça diniy ta’lim oliş yoki xususiy diniy ta’limni taqiqlaş kabi bandlar yoki unga muayyan jazolar mavjud. Bunday bandlar, bunday jazolar ibodat va ma’rifatning uyğunlaşuvi bölmagani hamda insonlarning ibodatlariga, iymonlariga oid tuyğularidan foydalanib, siyosiy maqsadlarga erişişga urinişlar bölgani uçun majburan qonunga kiritilgan deb öylaymiz. Lekin heç kim insonning Xudo bilan böladigan muloqotiga va unga oid ilmga talpinişi yöliga tösiq bölolmasligi oçiq haqiqatdir. Ibodat ilmlari hosil etilgaç, ularni öz vaqtida keçikmay bajariş kerak. Şuningdek, oilada turli duolarni yoddan ma’nolari bilan biliş, hamişa bu duolar bilan işlarni boşlaş ham tavsiya etiladi. Çunki duolar Xudoning izni bilan insonni turli kutilmagan musibatlardan qalqon kabi saqlaydi. Odam har bir qadamida ovoz çiqarmagan holda – şunisi afzal deyiladi – duo öqisa, har bir işida Xudodan yordam sörasa, şayton va jinlarning yomonliklaridan omonda böladi. Ota-onalar bolalariga ibodat örgatarkanlar, bola ibodatdan bezib, uni majburiy va yoqimsiz iş deb tasavvur qilib qolişlaridan ehtiyot bölişlari kerak. Balki ibodatga çiroyli söz bilan çorlanadiki, bu ixtiyoriy, sevib bajariladigan amalga aylansin. Ayrimlar yoşim ulğaysa, ibodat qilaman der ekan. Yoki yoşim katta bölib qoldi, uyalaman der ekan. Yoki bolalari namoz öqiy boşlasa, döppi kiyib qolsa, xavotirga tuşib, qandaydir oqimlarga qöşilib qoldingmi der ekan. Odam neça yoşga kirmasin, ibodat qilmay yurgan bölsa, boşlasin, uyalmasin. Bolasi öz ixtiyori bilan qiziqayotgan bölsa, bundan xursand bölişi kerak, lekin qaysi manbalardan ilm örganayotganligini tekşiriş, mahalla yoki şahar imomlari bilan uçraştiriş, ruxsat asosida çiqqan kitoblarni olib berib, uni qöllab-quvvatlaş oqil va bosiq odamlarning işi sanaladi. Agar özlari xorijiy davlatlarga qoçib çiqib, keyin tirikçilik qilaman deya dinni siyosat vositasiga aylantirgan xoinlarni bolasi eşitayotgan bölsa, buni ham qattiqqöllik yoki zulm bilan bostiriş qiyin. Aksinça, ularning xato ekanligini tahdidlarsiz holda ma’rifat bilan anglatiş yölidan bormoq kerak. Zotan, har qanday ongsiz ergaşiş zamirida jaholat yotadi, jaholat zulmatini ilm quyoşi bilan yoritmoq lozim. Ota-ona – uluğ. Uning aqli köp va tajribasi katta, şundan kelib çiqib, bolasiga baqirişi, uni zörlik bilan nimadandir qaytarişi yoki undaşi umuman yaraşiqli iş emas. Bolasi bilan erkin va döstona ohangda, uni ezmasdan, boşini bukmasdan, şaştini sindirmasdan gaplaşiş kerak. Har bir xonadonda, agar imkoniyat bölsa, ibodat uçun alohida xona bölişi maqsadga muvofiq va bu xona ibodatlar uçun nazr qilingaç, uni boşqa maqsadda foydalanmaslik kerak. Şunda u xonada fayz va sakiynat paydo böladi.
Akrom MALIK




Izohlar
Hali izoh yöq. Birinçi bölib fikr bildiring.