Ozod inson falsafasi
Qadrdonlarning xabari bor: "Ozod inson falsafasi" degan kitobni yozişni boşlaganmiz.
Assalomu alaykum!
Qadrdonlarning xabari bor: "Ozod inson falsafasi" degan kitobni yozişni boşlaganmiz.
E'tiboringizga 2-bobni havola etamiz.
Oldindan ogohlantirmoqçimiz: bu bobda ma'lumot juda köp va aslida, ular eng muxtasar, ya'ni eng qisqa ifodalangan ma'lumotlardir.
Şoşilmay öqib çiqasiz degan umiddamiz.
Matn yuzasidan mulohazalaringizni yozib yuborarsizlar.
Ikkinçi bob
Moziyğa qaytib: odamning paydo bölişi
Tarix haqidagi bilganlarimiz maktab darsliklari doirasida, xolos. Lekin u kitoblar ma’lumotnoma saviyasida. Heç bir darslik tahlil va tavsifni örgatmaydi. Aksinça, fikrlab qöyma degandek, ziç ma’lumotlarni qalaştiradi. Savol berma degandek, har bir gapni hukm ohangida aytadi.
Bugun qaysi makon, qaysi maqom va holatda ekanimizni biliş uçun, istasak, istamasak, moziyğa qaytib iş körişka majburmiz.
Keling, sözimizni kutubxonalar haqida boşlasak.
Dunyodagi eng boy va ahamiyatli kitob qörğonlari qayerda joylaşgan va ularda qanday kitoblar saqlanadi. Bizningça, asosiy masalaga kirib boriş uçun bu kabi masalalarda umumiy bölsa-da, tasavvurlar bölişi kerak.
Nari-beri 178 million 200 ming kitob-u bosma qilingan işlar saqlanadigan kutubxona Washingtondagi Kongress kutubxonasida 78 yarim million dona qölyozma mavjud. 5 million 800 ming dona xarita. Ön olti million donaga yaqin fotosurat. 4 million 300 mingta atrofida yozilgan ovoz. E’tiborli nuqta – 78 yarim million dona qölyozma.
Angliya poytaxti Londonda Britan kutubxonasi bor. 170 million donadan ortiq material saqlanadi. Hozirda 310 mingdan köp yoki kam qölyozma röyxatga olingan.
Parijdagi Fransuz Milliy kutubxonasi fondi 40 milliondan köp yoki kam narsa bor. Saytidan qança qölyozma saqlanişi haqidagi ma’lumotni topa olmadik.
Yana Londonda Budliyon (Bodlein) kutubxonasi ham qurilgan. 14 million dona material mavjud. Bu kutubxona Oksforddagi 22 ta kutubxonaning yaxlit tizimi sanaladi. Afsuski, buning ham saytida qölyozmalar haqida ma’lumot berilmagan.
Bundan taşqari, Kembridj, Berlin, Vatikan, Peterburg, Iskandariya hamda Istanbulda ham ulkan kutubxonalar borki, ularning hammasida millionlab kitoblar saqlanadi. Jamlansa, ularda 600 millionta yoki undan köp-kam material mavjud. Haqiqiy kitoblar soni 3 milliontaga borişi taxmin qilinadi.
Albatta, bu qölyozmalarning hammasi işonçli, foydalanişga yaroqli, tadqiqqa arziydi, xulosa beradigan manba deb bölmagani kabi tarixiy hujjat sifatida foydalaniş ham mulohazali. Gap insoniyat asrlar davomida öz tuşunçalari, hayoti, ötmişi va keçmişini yozişga qiziqqanida. Özining qalbi va tafakkurini namoyon etib, qoğozga bölsin, teriga bölsin, toşga bölsin, nimalardir yozib qoldirgani ahamiyatli.
Bugun tarixni örganişning bir qança manbalari mavjud. Kitoblar yagona manba sifatida qabul qilinmaydi. Şu manbalarning birinçisi moddiy aşyolardir. Ya’ni qazuvçilar qazib, izlanuvçilar izlanib har xil narsalarni topişadi. Masalan, suyaklar, sopol parçalari, qandaydir mayda-çuyda qurollar. Ularni puflab-puflab çangdan tozalaşadi. Keyin har xil apparatlar – uskunalar bor.
Öşa uskuna topilgan dalilni kimyoviy jihatdan tahlil qilgan böladi-da, bu narsaning yoşi taqriban (taxminan desa ham böladi) falon yuz yilga teng aytib beradi. Şunga suyanib, narsa topilgan joydan yana u-bu narsalar izlaşadi, qandaydir izlarni yana topişadi-da, bu yerda falon yillar oldin şaharmi, qişloqmi bölgan deyişadi.
Idiş-tovoq, kosa-lagan yoki qandaydir but yoki sanamlarga qarab, bu yerning aholisi falon dinga amal qilgan deyişadi. Şunday qilib, tarix degan fan paydo böladi – şaharlar tarixi, odamlar tarixi.
Şu kabi maymunlarning suyagini topib, bu yerda falon ming yil avval maymun-odam yaşagan ham deyişadi. Negadir keyin ularning gapi mutlaq haqiqat deb qabul qilinadi-da, kitoblarga yozilib, maktab bolalari miyasiga quyiladi.
Yana bu işlar ilmiy tadqiqot, fan deb ataladi. Undan ham qiziği, bu ilm va fanning xulosalariga deyarli hamma şubhasiz haq deb e’tiqod qiladi.
Moddiy aşyolardan taşqari eski xarobalar, eski qasrlar va şu kabilarni tarixçi olimlar dalil deb qabul etadilar. Undan keyin kitoblardagi gaplarga yuzlanişadi.
Dunyo tarixi haqida gap ketganda negadir Gerodotni tarix otasi deyişadi. Nega aynan Gerodot? Avvalo, Gerodot haqidagi ma’lumotlarni bir öqib çiqaylik:
Gerodot (mil. avv. 484–425) tomonidan yaratilgan “Tarix” asari Yevropa adabiyoti va ilm-fanida töliq saqlanib qolgan birinçi mukammal nasriy hamda tarixiy asar deb işoniladi.
“Tarix” asari an’anaviy ravişda 9 ta kitobdan iborat deb qabul qilingan. Uşbu tartiblaniş muallifning öziga tegişli emas. Keyinçalik Iskandariya kutubxonasining matnşunos olimlari asarni mantiqiy va xronologik jihatdan 9 qismga ajratib, har bir kitobni yunon mifologiyasidagi 9 ta muza (ilhom parisi) nomi bilan ataşgan. Quyida uşbu kitoblarning tarkibiy mazmuni keltiriladi:
I kitob (Klio): Lidiya podşoligi tarixi, Ahamoniylar davlatining vujudga kelişi va Kir II ning hukmronlik davri, uning massagetlar va ularning malikasi Tömarisga qarşi olib borgan uruşi hamda halokati bayon qilinadi.
II kitob (Yevterpa): Qadimgi Misr davlati tarixiga bağişlangan bölib, ölkaning tabiati, Nil daryosining xususiyatlari, xalqning urf-odatlari, dini va fir’avnlar tarixi geografik hamda etnografik jihatdan alohida batafsil tahlil qilinadi.
III kitob (Taliya): Fors şohi Kambiz tomonidan Misrning zabt etilişi, şoh Doro I ning hokimiyat tepasiga kelişi va u imperiyada joriy etgan soliq hamda ma’muriy tizim (satrapliklar) haqida ma’lumot beradi.
IV kitob (Melpomena): Skiflarning kelib çiqişi, ijtimoiy hayoti va tabiati hamda Doro I ning Skifiyaga muvaffaqiyatsiz yurişi bayon etiladi. Şuningdek, Markaziy Osiyoning içki hududlaridagi saklar va issedonlar kabi xalqlar ilk bor tilga olinadi.
V kitob (Terpsixora): Frakiya va Makedoniya tabiati, şuningdek, yunon-fors uruşlarining kelib çiqişiga bevosita sabab bölgan Ioniya qözğoloni va uning oqibatlari yoritiladi.
VI kitob (Erato): Ioniyalik qözğolonçilarning uzil-kesil mağlubiyati, forslarning Yunoniston hududiga birinçi yurişi va miloddan avvalgi 490-yilda sodir bölgan maşhur Marafon jangi tafsilotlari örin olgan.
VII kitob (Poligimniya): Şoh Kserksning otasi Doro I vasiyatini bajariş maqsadida ulkan qöşin töplab Yunonistonga yuriş boşlaşi, Termopil jangi va podşoh Leonid boşçiligidagi spartaliklarning jasorati tasvirlanadi.
VIII kitob (Uraniya): Artemisiya va Salamin yaqinidagi dengiz janglarida strategik taşabbusning yunonlar qöliga ötişi hamda forslar floti ustidan qozonilgan muhim ğalaba tahlil qilinadi.
IX kitob (Kalliopa): Plateya va Mikale janglarida fors qöşinlarining butkul tor-mor etilişi, yunon şaharlarining ozod qilinişi hamda umumiy ğalaba bilan asarning yakunlanişi yoritiladi.
Antik davr an’anasiga köra, Gerodot asari bugungi kundagi kabi kitob (kodeks) şaklida emas, balki papirus öramlarida (scrolls) saqlangan va tarqatilgan.
Tadqiqotlarda aytilişiça, dastlab matn ommaviy tinglaşga möljallangan 28 ta logoi (mustaqil ma’ruzalar yoki oğzaki hikoyalar turkumi)dan iborat bölgan.
Gerodot öz safarlari davomida töplagan ma’lumotlarini şu mantiqiy qismlar asosida yunon polislari ahliga öqib bergan. Matn tili qadimgi yunon tilining Ioniya dialektida yozilgan bölib, öziga xos silliq va badiiy uslubga ega.
Zamonaviy naşriyot ölçovlariga köra, “Tarix” asarining umumiy hajmi tarjima, şarhlar va şrift ölçamiga qarab örtaça 600 tadan 800 sahifagaça bölgan hajmni taşkil etadi.
Gerodotning miloddan avvalgi V asrda muallif tomonidan yozilgan asl qölyozma nusxasi (avtograf) saqlanib qolmagan.
Bugungi kunda ilm-fanga ma’lum bölgan va ilmiy naşrlarga asos qilib olingan matnlar asosan Örta asrlar (Vizantiya davri) kitob köçiruvçilarining mehnatlari mahsulidir. Matnşunoslikda uşbu qölyozmalar kelib çiqişi va matn aniqligiga köra ikkita asosiy tarmoqqa (stemma) bölinadi:
Florensiya yoki Roman guruhi (Stemma A): Uşbu guruhning eng nufuzli va qimmatli vakili Florensiyadagi Medichi Laurenziana kutubxonasida saqlanuvçi, X asrga oid Codex Laurentianus (pluteus LXX, 3) qölyozmasidir. Uşbu matn boşqa nusxalarga qaraganda muallif uslubiga eng yaqin va xatolardan xoli nusxa deb qaraladi.
Teodor yoki Nemis guruhi (Stemma B): Bunga XI – XIV asrlarga oid bölgan qölyozmalar kiradi. Ularning orasida eng asosiysi Rimdagi Vatikan kutubxonasida saqlanuvçi, XI asrga tegişli Codex Vaticanus (Vat. Gr. 67) qölyozmasidir. Garçi u Stemma A guruhidan biroz farq qilsa-da, matndagi tuşib qolgan joylarni tiklaşda muhim ilmiy manba deb işoniladi.
Endi sözni Gerodotdan boşqa tarafga buramiz.
Masalan, Xondamir degan odam, uni taniysiz, hazrat Alişer Navoiy tarbiya qilganlar, “Habibus siyar” degan asar yozgan. Asarning töliq nomi: “Habib us-siyar fi axbor afrod ul-başar” .
Kitob 1521 – 1524-yillar oraliğida yozilgan va 1529-yilda töliq yakunlangan.
Asarning qisqa tuzilişi:
Muqaddima
Bu qismda muallif tarix ilmining jamiyat hayotidagi foydasi va ahamiyati, koinotning yaratilişi, geografik iqlimlar va turli mamlakatlar haqida umumiy tuşunçalar bergan.
Birinçi jild
1-qism. Odam alayhissalomdan boşlab ötgan payğambarlar tarixi hamda qadimgi Eron (Pişdodiy va Kiyoniy) podşohlari xronologiyasi.
2-qism. Muhammad sollallohu alayhi va sallam hayoti, u zotning ğazotlari va islom dinining yoyilişi.
3-qism. Ilk tört xalifa (Xulafoyi roşidin) davri, şuningdek, keyingi Umaviylar va Abbosiylar xalifaligi tarixi.
Ikkinçi jild 1-qism. Abbosiylar davrida turli hududlarda mustaqil bölgan sulolalar (Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar, Ğaznaviylar, Buyiylar va Saljuqiylar).
2-qism. Ğuriylar, Xorazmşohlar, Ismoiliylar sulolasi hamda Ozarbayjon va Fors ölkalaridagi mahalliy hukmdorlar.
3-qism. Misr va Şom (Suriya) hududida hukm surgan Mamluklar va Fotimiylar xalifaligi tarixi.
Uçinçi jild
1-qism. Çingizxon, uning kelib çiqişi, möğullar istilosi hamda Daşti Qipçoq, Çiğatoy ulusi va Movarounnahrdagi möğul xonlari tarixi.
2-qism. Elxoniylar (Hulaguiylar) davri va ulardan keyingi mahalliy sulolalar (Muzaffariylar, Kurdlar va boşqalar).
3-qism. Amir Temur va Temuriylar davri. Bu bölimda Şohruh Mirzo, Abu Said, ayniqsa, muallif uzoq yillar xizmatida bölgan Sultan Husayn Boyqaro davridagi Xuroson va Movarounnahrning ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayoti juda batafsil yoritilgan. Şuningdek, temuriylarning inqirozi, Boburning faoliyati, Şayboniyxon boşçiligidagi özbeklarning va Safaviylar davlatining (Birinçi şoh Ismoil) maydonga çiqişi bayon etilgan
Xotima
Uşbu qismda yer yuzining turli iqlimlari, yirik şaharlari, toğ va daryolarining tasviri (geografik maʼlumotlar) hamda öşa davrdagi ajoyibotlar va tabiat hodisalari keltiriladi.
Bu Xondamir hazratlari haqidagi qisqagina ma’lumot edi. Umuman, Şarqda yana qanday tarixçilar yaşab ötgan? Ularning eng yiriklari ismlarini zikr qilaylik:
1. Ahmad ibn Abu Yaʼqub al-Yaʼqubiy (? – 897 dan keyin) Bağdodda tuğilgan. Yoşligida Armanistonda, keyin Xurosonda Tohiriylar xizmatida bölgan, Hindiston, Misr va Mağribga sayohat qilgan. Sayohatlari natijasida “Kitob al-buldon” (Mamlakatlar kitobi) geografik asarini yozgan.
Uning “Taʼrix” (Tarix) asari islom tarixnavisligida jahon tarixini bayon etgan. Asarning birinçi qismida islomgaça bölgan xalqlar – Isroil, Hindiston, Yunoniston, Rim, Eron, Xitoy, turklar va arablar tarixi, madaniyati, ilm-fani va eʼtiqodlari, ikkinçi qismida esa 872-yilgaça bölgan islom tarixi yoritilgan. Muallif islom tarixini boşqa sivilizatsiyalar tarixi bilan yagona jarayon sifatida körsatgan.
2. Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir at-Tabariy (839 – 923-yillar) Tabaristonning Amul şahrida tuğilgan. Ilm talabida Rayy, Bağdod, Basra, Kufa, Şom va Misrda bölgan. Umrining katta qismini Bağdodda ötkazgan, “Jomiʼ al-bayon” tafsiri muallifi sifatida ham maşhur. Bağdodda vafot etgan.
“Taʼrix ar-rusul va-l-muluk” (Payğambarlar va podşohlar tarixi) yilma-yil (xronologik) bayon qilinadigan umumiy tarixnavislik anʼanasining eng mukammal ilk namunasidir. Unda olamning yaratilişidan 915-yilgaça bölgan voqealar yoritilgan. Muallif har bir rivoyatni uni yetkazgan roviylar zanjiri – isnodi bilan keltirgan, bir voqea haqidagi turli rivoyatlarni yonma-yon berib, xulosani öquvçiga qoldirgan. Şu xolis yondaşuv tufayli asar keyingi barça islom tarixçilari uçun asosiy manbaga aylangan.
Qölyozmalari va naşrlari. Asarning töliq yagona qölyozmasi mavjud emas; matn Istanbul, Leyden, Berlin, Oksford va boşqa kutubxonalardagi nusxalar asosida tiklangan. M.J. de Guye boşçiligidagi xalqaro olimlar guruhi uni Leydenda naşr etgan (1879–1901).
40 jildlik inglizça tarjimasi Nyu-York ştati universiteti naşriyotida çiqqan (1985–2007).
Somoniy vazir Abu Ali Balʼamiy 963-yilda uşbu asarni fors tiliga qayta işlab yozgani “Taʼrixi Balʼamiy”ning bir neça nusxasi ÖzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Şarqşunoslik instituti fondida saqlanadi.
3. Abul Hasan Ali ibn al-Husayn al-Masʼudiy (896 – 956-yillar) Bağdodda tuğilgan. Eron, Hindiston, Hind okeani sohillari, Kaspiy böyi, Armaniston, Şom va Falastin böylab şaxsan sayohat qilib, xalqlarning madaniyati, urf-odatlari va eʼtiqodlarini jonli kuzatişlari asosida yozgan. Umrining oxirini Misrda ötkazib, Fustotda vafot etgan.
Uning “Muruj az-zahab va maʼodin al-javohir” (Oltin yaylovlar va javohir konlari) tarixni geografiya, etnografiya va tabiiy fanlar bilan uyğunlaştirgan noyob asardir.
Unda olamning yaratilişi, yer yuzi, dengizlar, turli xalqlar – hindlar, xitoylar, yunonlar, rimliklar, forslar, turklar, slavyanlar tarixi, söng Islom tarixi 947-yilgaça bayon etilgan.
Voqealar yillar böyiça emas, mavzu va sulolalar böyiça guruhlangan.
Qölyozmalari va naşrlari. Qölyozmalari Parij, Istanbul, Leyden va boşqa kutubxonalarda saqlanadi. K. Barbye de Meynar va A. Pave de Kurtey asarni arabça matni va fransuzça tarjimasi bilan 9 jildda naşr etgan (Parij, 1861–1877); keyinçalik Ş. Pella tuzatilgan naşrini tayyorlagan (Bayrut).
4. Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy (973 – 1048-yillar) Xorazmning Kot şahrida tuğilgan. Jurjonda Qobus ibn Vuşmgir, Gurganjda Maʼmuniylar saroyidagi olimlar davrasida faoliyat körsatgan. 1017-yildan Ğaznada yaşagan, Hindistonga qilingan yurişlarda iştirok etib, sanskrit tilini örgangan. Ğaznada vafot etgan.
“Al-osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya” (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar) jahon xalqlarining taqvimlari, eralari, bayramlari va diniy anʼanalarini qiyosiy örgangan asardir. Unda forslar, söğdlar, xorazmliklar, yunonlar, yahudiylar, suryoniylar, arablar va boşqa xalqlarning yil hisobi hamda tarixi manbalarni tanqidiy qiyoslaş asosida tiklangan.
“Tahqiq mo li-l-Hind” (Hindiston) asari esa boşqa sivilizatsiyani uning öz manbalari va tili orqali xolis örganişning mumtoz namunasidir.
Qölyozmalari va naşrlari. “Al-osor al-boqiya”ning 1307-yilda köçirilgan miniatyurali nusxasi Edinburg universiteti kutubxonasida, boşqa nusxalari Parij va Istanbulda saqlanadi.
Tanqidiy matnini E. Zaxau naşr etgan (Leypsig, 1878). Özbekça tarjimasi “Tanlangan asarlar”ning I jildida çop etilgan (Toşkent, 1968). Yaqinda yana çiqdi.
5. Izziddin Abul Hasan Ali ibn al-Asir al-Jazariy (1160 – 1233-yillar) Dajla böyidagi Jazirat ibn Umar (hozirgi Turkiyadagi Jizre) şahrida tuğilgan, umrining köp qismini Mosulda ötkazgan. Bağdod, Damaşq va Halabda bölgan, Salohiddin Ayyubiy qöşini safida salibçilarga qarşi yurişlarda qatnaşgan. Mosulda vafot etgan.
“Al-komil fi-t-taʼrix” (Mukammal tarix) olamning yaratilişidan 1231-yilgaça bölgan umumiy tarix bölib, salib yurişlari va möğullar istilosi davrining eng işonçli manbalaridan biridir.
Tabariy materialini isnodlarsiz qisqartirib, voqealarni yaxlit hikoya şaklida bergan, Maşriq va Mağribdagi turli hududlar haqidagi tarqoq maʼlumotlarni yagona tizimga keltirgan.
Asarning sönggi qismlarida u Çingizxon qöşinlarining Buxoro, Samarqand, Ötror va Urgançni vayron qilgani haqida zamondoş sifatida yozgan va möğul istilosini insoniyat boşiga tuşgan eng oğir musibatlardan biri deb baholagan.
Qölyozmalari va naşrlari. Qölyozmalari Istanbul, Parij, Leyden va boşqa kutubxonalarda saqlanadi.
K.J. Tornberg asarni 14 jildda naşr etgan (Leyden – Upsala, 1851–1876).
6. Raşididdin Fazlulloh Hamadoniy (1247 – 1318-yillar) Hamadonda tabib oilasida tuğilgan. Elxoniylar saroyida tabib, söng Ğozonxon va Öljaytu davrida boş vazir bölgan. Tabriz yaqinida madrasa, kutubxona, kotibxona va şifoxonadan iborat "Rabʼi Raşidiy" majmuasini barpo etgan. Saroy fitnalari natijasida 1318-yilda qatl etilgan.
“Jomeʼ ut-tavorix” (Tarixlar töplami) köplab tadqiqotçilar tomonidan tarixnavislikdagi birinçi haqiqiy jahon tarixi deb eʼtirof etiladi.
Birinçi jildida turk va möğul qabilalari, Çingizxon va uning avlodlari tarixi, ikkinçi jildida Öğuzxon va turklar, Xitoy, Hindiston, yahudiylar va “franklar” (Yevropa xalqlari) tarixi bayon etilgan. Asar jamoaviy tadqiqot usulida – möğul, xitoy, hind, kaşmirlik va yevropalik bilimdonlar iştirokida, möğullarning yozma anʼanasiga tayanib yaratilgan.
Qölyozmalari va naşrlari. Vaqfnomaga köra, “Rabʼi Raşidiy”da asar har yili arab va fors tillarida köçirilişi şart qilingan.
1314-yilga oid arabça miniatyurali nusxaning qismlari Edinburg universiteti kutubxonasi va Londondagi N.D. Xalili kolleksiyasida, muhim forsça nusxalari Istanbuldagi Töpqopi saroyi kutubxonasida saqlanadi.
Rusça tarjimasi 1946 – 1960-yillarda, V.M. Tekstonning inglizça tarjimasi 1998 – 1999-yillarda naşr etilgan.
7. Şamsiddin Muhammad ibn Ahmad az-Zahabiy (1274 – 1348-yillar)
“Taʼrix al-islom va vafayot al-maşohir va-l-aʼlom” (Islom tarixi hamda maşhur zotlar va allomalarning vafotlari) va “Siyar aʼlom an-nubalo” (Oliy martabali allomalar siyrati) islom olamining eng ulkan tarixiy-biografik ensiklopediyalaridir.
“Taʼrixul-islom”da islom tarixi 1300-yilgaça hijriy ön yilliklar böyiça bayon etilib, har bir davr voqealaridan söng öşa yillarda vafot etgan olimlar, davlat arboblari, muhaddislar va fozillar haqida maʼlumot beriladi; asardagi biografiyalar soni 40 mingga yaqin deb hisoblanadi. Muallif hadis ilmidagi jarh va taʼdil (roviylarni tanqidiy baholaş) usulini tarixiy biografiyaga tizimli tatbiq etgan.
Biz musulmonlarning yettita maşhur tarixçilarini zikr qildik, endi Ğarb tarixçilarini ham körib çiqaylik.
1. Polibiy (taxm. mil. av. 200 – 118-yillar) Arkadiyadagi Megalopol şahrida tuğilgan, Axey ittifoqining harbiy rahbarlaridan biri bölgan. Mil. av. 167-yilda garovga olingan ming nafar axeylik qatorida Rimga olib ketilgan va Stsipion Emilian davrasiga yaqinlaşgan. Karfagenning vayron etilişini (mil. av. 146) körgan, Ispaniya, Afrika va Alp toğlarida bölgan.
Uning “Historiai” (Umumiy tarix) mil. av. 220 – 146-yillarda Örta yer dengizi dunyosi xalqlarining taqdiri Rim hukmronligi atrofida yagona jarayonga birlaşganini körsatgan asar deyiladi.
Polibiy umumjahon tarixi ğoyasini birinçilardan bölib nazariy asoslagan: uning fikriça, alohida xalqlar tarixi yaxlit manzarani bera olmaydi. U “pragmatik tarix” tamoyilini, davlat boşqaruv şakllarining davriy almaşinuvi nazariyasini ilgari surgan va manbalarni tekşirmagan tarixçilarni tanqid qilgan.
Qölyozmalari va naşrlari. 40 kitobdan faqat 1–5-kitoblar töliq saqlangan. Ularning asosiy qölyozmasi – X asrga oid “Vaticanus graecus 124” (Vatikan). Qolgan kitoblar parçalari imperator Konstantin VII davrida tuzilgan Vizantiya ekstraktlari töplamlari orqali yetib kelgan.
2. Diodor Sitsiliyalik (taxm. mil. av. 90 – 30-yillar) Sitsiliyadagi Agirion şahrida tuğilgan. Mil. av. 60–56-yillar atrofida Misrda bölgan, keyin uzoq yillar Rimda yaşagan va manbalarni töplab, asari ustida qariyb öttiz yil işlagan.
“Bibliotheke historike” (Tarixiy kutubxona) afsonaviy davrlardan mil. av. 60-yilgaça bölgan jahon tarixini 40 kitobda bayon etgan antik davrning yirik umumiy tarixidir.
Asarda Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Efiopiya, skiflar, arablar, yunonlar va rimliklar tarixi qamrab olingan. Diodor asarining alohida qimmati şundaki, u hozir yöqolgan köplab mualliflar – Ktesiy, Megasfen, Efor va boşqalarning maʼlumotlarini saqlab qolgan.
Qölyozmalari va naşrlari. 40 kitobdan 1–5 va 11–20-kitoblar töliq saqlangan, qolganlari Vizantiya ekstraktlari va patriarx Fotiyning “Biblioteka”si orqali parçalar holida maʼlum. Saqlangan kitoblar asosan X–XV asrlarga oid Vizantiya qölyozmalari orqali yetib kelgan.
Asarning yunonça matni va inglizça tarjimasi “Loeb Classical Library” turkumida 12 jildda naşr etilgan (1933–1967).
3. Kesariyalik Yevseviy (taxm. 260 – 339-yillar) Falastindagi Kesariya şahrida tuğilgan, olim Pamfilning kutubxonasida taʼlim olgan. Taxminan 313-yildan Kesariya episkopi bölgan, imperator Konstantinga yaqin şaxs sifatida tanilgan.
“Xronika” (Chronikoi kanones) – Ibrohim payğambar davridan 325-yilgaça bölgan jahon tarixi voqealarini ossuriyaliklar, yahudiylar, misrliklar, yunonlar va rimliklar yil hisobi böyiça parallel ustunlarda qiyosiy körsatgan asar.
U örta asrlar Yevropasidagi barça jahon xronikalariga namuna bölgani aytiladi. “Çerkov tarixi” (10 kitob) esa çerkov tarixnavisligiga asos solgan; muallif hujjat va maktublarni töliq iqtibos qiliş usulini qöllagan.
Qölyozmalari va naşrlari. “Xronika” yunonça töliq holda saqlanmagan: u Iyeronimning lotinça tarjimasi va arman tilidagi tarjimasi orqali maʼlum.
“Çerkov tarixi”ning yunonça qölyozmalari X – XII asrlarga oid; V asrga oid suryoniyça tarjimasi qölyozmasi ham saqlangan.
4. Pavel Orosiy (taxm. 385 – 420 dan keyin) “Historiae adversus pagano” (Butparastlarga qarşi tarix yetti kitobi, 417 – 418) Odam Atodan 417-yilgaça bölgan jahon tarixini bayon etgan birinçi xristian umumiy tarixidir.
Asar Rimning 410-yilda gotlar tomonidan talon-taroj qilinişi xristianlik tufayli yuz berdi degan qaraşga javob sifatida Avgustinning topşiriği bilan yozilgan.
Orosiy jahon tarixini tört buyuk saltanat – Bobil, Makedoniya, Karfagen va Rim almaşinuvi sxemasi asosida talqin qilgan. Asar ming yil davomida Yevropada jahon tarixining asosiy darsligi bölib xizmat qilgan.
Ispaniyaning şimoli-ğarbidagi Bragara (hozirgi Portugaliyadagi Braga) şahridan. Taxminan 414-yilda Ispaniyaga bostirib kirgan qabilalar tufayli Şimoliy Afrikaga, Gippon şahriga Avgustin huzuriga ketgan.
415-yilda Falastinga, Baytlahmda Iyeronim huzuriga borgan, söng Afrikaga qaytgan.
Qölyozmalari va naşrlari. Asarning 200 dan ortiq qölyozmasi maʼlum, ulardan eng qadimgisi VI asrga oid “Laurentianus 65.1” (Florensiya). IX asr oxirida qadimgi ingliz tiliga tarjima qilingan. K. Sangemeyster tanqidiy naşri (Vena, 1882) mavjud.
5. Frayzingenlik Otton (taxm. 1112 – 1158-yillar) Avstriya markgrafi Leopold III ning öğli, imperator Fridrix I Barbarossaning amakisi. Parijda taʼlim olgan, Burgundiyadagi Morimond monastirida rohib bölgan, 1138-yildan Frayzing (Bavariya) episkopi. Ikkinçi salib yurişida (1147–1148) qatnaşgan. Morimondda vafot etgan. “Chronica sive Historia de duabus civitatibus” (Ikki şahar haqida xronika, 1143–1146) olamning yaratilişidan 1146-yilgaça bölgan jahon tarixini Avgustinning “Xudo şahri” ğoyasi asosida – samoviy va dunyoviy “şahar” munosabati sifatida talqin qilgan asardir; sakkizinçi kitobi oxirzamonga bağişlangan.
Muallif hokimiyat va ilmning Şarqdan Ğarbga köçişi (translatio imperii) ğoyasini rivojlantirgan.
Asarda 1141-yilda Samarqand yaqinidagi Qatvon jangida qoraxitoylarning Saljuqiylar ustidan ğalabasi haqidagi xabarlar aks-sadosi – Şarqdagi xristian podşoh “Pop Ioann” haqidagi afsonaning ilk yozma qaydi uçraydi.
Qölyozmalari va naşrlari. Eng maşhur qölyozmasi – XII asr oxiriga oid miniatyurali nusxa Yena universiteti kutubxonasida saqlanadi. A. Hofmeyster tanqidiy naşri "Monumenta Germaniae Historica" turkumida çiqqan (1912).
6. Jak-Benin Bossyue (1627 – 1704-yillar) Burgundiyadagi Dijonda tuğilgan. Metsda va Parijda voiz, Kondom va Mo episkopi bölgan. 1670–1681-yillarda qirol Lyudovik XIV ning vorisi – dofinning tarbiyaçisi bölib, asarni uning taʼlimi uçun yozgan. Parijda vafot etgan.
“Discours sur lʼhistoire universelle” (Jahon tarixi haqida nutq, 1681) olamning yaratilişidan Buyuk Karl davrigaça (800) bölgan jahon tarixini ilohiy taqdir (providensiya) nuqtai nazaridan yaxlit talqin qilgan asardir.
U providensial tarix falsafasining sönggi yirik namunasi bölib, maʼrifatparvarlarning tarix falsafasi aynan unga javob sifatida şakllangan.
Qölyozmalari va naşrlari. Asar 1681-yilda Parijda naşr etilgan; muallif tuzatişlari bilan qayta naşrlari keyingi yillarda çiqqan. Bossyue qölyozmalarining katta qismi Fransiya milliy kutubxonasida saqlanadi.
7. Volter – Fransua-Mari Arue (1694 – 1778-yillar) Parijda tuğilgan. 1726–1728-yillarda Angliyada surgunda bölgan, keyinçalik Sire qasrida, Prussiya qiroli Fridrix II saroyida (Potsdam) yaşagan, sönggi yigirma yilini Jeneva yaqinidagi Ferneda ötkazgan. Parijda vafot etgan.
“Essai sur les mœurs et lʼesprit des nations” (Xalqlar urf-odatlari va ruhi haqida inşo, 1756) jahon tarixini sulolalar va uruşlar tarixi sifatida emas, madaniyat, urf-odat va sivilizatsiyalar tarixi sifatida yozişga qaratilgan asardir.
Volter Bossyuega qarama-qarşi ravişda asarini Xitoy, Hindiston va islom olamidan boşlab, Yevropa markazçiligidan voz keçişga çaqirgan.
“Tarix falsafasi” atamasini ham u muomalaga kiritgan (1765).
Qölyozmalari va naşrlari. Volterning şaxsiy kutubxonasi (6800 dan ortiq kitob, hoşiyadagi qaydlari bilan) va qölyozmalarining bir qismi 1779-yilda Yekaterina II tomonidan sotib olingan va hozir Sankt-Peterburgdagi Rossiya milliy kutubxonasida saqlanadi.
8. Leopold fon Ranke (1795 – 1886-yillar) Tyuringiyadagi Vihe şahrida tuğilgan. 1825-yildan Berlin universitetida professor bölgan, 1827–1831-yillarda Vena, Venetsiya va Rim arxivlarida işlagan. Berlinda vafot etgan.
U arxiv hujjatlariga asoslangan tanqidiy usul va seminar tizimi orqali tarixni mustaqil professional fanga aylantirgan olim deb qaraladi. Tarixçi ötmişni “aslida qanday bölgan bölsa, şunday” körsatişi lozim, degan tamoyili XIX asr tarixnavisligining şioriga aylangan. Umrining sönggi yillarida – 85 yoşida u “Weltgeschichte” (Jahon tarixi) asarini boşlagan va vafotigaça örta asrlargaça yetkazgan; sönggi jildlari şogirdlari tomonidan uning maʼruzalari asosida naşrga tayyorlangan.
Qölyozmalari va naşrlari. “Jahon tarixi” Leypsigda 9 jildda naşr etilgan (1881–1888). Rankening şaxsiy kutubxonasi va qölyozmalarining katta qismi 1887-yilda AQŞdagi Sirakuza universitetiga köçirilgan va hozir ham u yerda saqlanadi.
9. Osvald Shpengler (1880 – 1936-yillar) Garts toğlari etagidagi Blankenburg şahrida tuğilgan. Galle, Myunxen va Berlin universitetlarida öqigan, Gamburgda gimnaziya öqituvçisi bölgan, 1911-yildan Myunxenda mustaqil olim sifatida yaşagan va şu yerda vafot etgan.
Uning “Der Untergang des Abendlandes” (Yevropaning sönişi, 1918–1922) kitobi jahon tarixini yagona çiziqli taraqqiyot sifatida emas, har biri tuğiliş, gullaş va söniş bosqiçlarini ötuvçi alohida yuksak madaniyatlar – Misr, Bobil, Hind, Xitoy, antik, arab (sehrli), Ğarb va boşqalarning morfologiyasi sifatida talqin qilgan asardir.
Shpengler har bir madaniyat sönggi bosqiçda “sivilizatsiya”ga aylanib, qotib qolişini taʼkidlagan. Asar XX asrda sivilizatsiyalarni qiyosiy örganiş yönalişiga, jumladan A. Toynbiga katta taʼsir körsatgan.
Qölyozmalari va naşrlari. Asarning birinçi jildi Venada (1918), ikkinçi jildi Myunxenda (1922) naşr etilgan. Muallifning ilmiy merosi va qölyozmalari Myunxendagi Bavariya davlat kutubxonasida saqlanadi.
10. Arnold Jozef Toynbi (1889 – 1975-yillar) Londonda tuğilgan, Oksfordda taʼlim olgan. London universitetida professor, 1925–1955-yillarda Qirollik xalqaro munosabatlar institutining tadqiqotlar direktori bölgan.
Uning “A Study of History” (Tarixni tadqiq etiş, 12 jild, 1934–1961) kitobi jahon tarixini yigirmadan ortiq sivilizatsiyaning paydo bölişi, ösişi, inqirozi va parçalanişi sifatida qiyosiy tahlil qilgan XX asrning eng keng kölamli asaridir.
Toynbi “çaqiriq va javob” nazariyasini ilgari surgan: sivilizatsiya tabiiy yoki ijtimoiy çaqiriqlarga ijodkor ozçilikning munosib javobi tufayli rivojlanadi. U islom sivilizatsiyasiga alohida eʼtibor qaratgan va Ibn Xaldunning “Muqaddima”sini öz turidagi eng buyuk asarlardan biri deb baholagan.
Qölyozmalari va naşrlari. Asar Oksford universiteti naşriyotida çop etilgan. Toynbining ilmiy arxivi Oksforddagi Budliyon kutubxonasida saqlanadi.
Mana, Musulmon Şarqida yaşab ötgan sakkiz nafar, ğarblik ön bir nafar mumtoz tarixçilar haqida eng qisqa şaklda ma’lumot hosil qildik.
Ularni qiyosan tahlil qilsak, har ikki anʼana tarixni bir xalq yoki bir davlat doirasidan çiqarib, insoniyatning umumiy tarixi sifatida yozişga intilgan. Bu intiliş ularni bir-biriga yaqinlaştiradi, biroq har bir anʼana bu maqsadga öziga xos yöl bilan erişgan.
Qadimgi mualliflar tarixni olamning yaratilişidan boşlagan, tarixni geografiya va etnografiya bilan uyğunlaştirgan.
Şarq tarixnavisligi izçil davomiylik bilan ajralib turadi: Tabariy asari keyingi tarixçilar uçun asos bölgan, Ibn al-Asir uni davom ettirgan, Xondamir esa bu anʼanani Temuriylar va Movarounnahr tarixi bilan boyitgan.
Ğarbda tarixiy tafakkur bosqiçma-bosqiç yangilanib borgan: antik davr guvohligidan providensial talqinga, undan madaniyat tarixiga va sivilizatsiyalar nazariyasiga ötilgan.
Xolislik va ilmiy tekşirilganlik jihatidan har ikki anʼanada şaxsiy kuzatuv, manbani asl holida keltiriş va tanqidiy tekşiriş uçraydi. Şarq tarixçilari maʼlumot yetkazgan şaxsning işonçliligini tekşirişning tizimli usullarini – isnod, jarh va taʼdil hamda Beruniyning manbalarni tanqidiy qiyoslaş usulini – IX–XIV asrlardayoq qöllagan.
Tabariy ziddiyatli rivoyatlarni yonma-yon berib, hukmni öquvçiga qoldirgan.
Ğarbda tizimli arxiv tanqidi XIX asrda Ranke bilan qaror topgan.
Tarixni yaxlit nazariy sxema asosida tuşuntiriş esa Polibiydan Toynbigaça Ğarb tarixnavisligining kuçli tomoni bölib kelgan, garçi bu yondaşuv muallif konsepsiyasining taʼsirini ham oşirsa-da.
Qölyozmalarning işonçliligi jihatidan ikkala anʼanada ham mualliflarning asl nusxalari saqlanmagan, matnlar bir neça nusxani qiyoslaş orqali tiklangan, ilmiy tanqidiy naşrlar esa asosan XIX–XX asrlarda tayyorlangan.
Ammo e’tiborli jihati şuki, Şarq asarlarining nusxalari muallif davriga ança yaqin: Raşididdin asari uning hayotligida köçirilgan va vaqf orqali muntazam köpaytirilişi kafolatlangan.
Beruniy asarining nodir nusxasi undan ikki yarim asr keyin yaratilgan.
Antik Ğarb asarlari esa mingyillikdan ortiq vaqt ötib köçirilgan nusxalar orqali, köp hollarda qisman yetib kelgan.
Umuman olganda, Şarq tarixnavisligi manbaning işonçliligi, bayonning izçilligi va matnning muallif davriga yaqin holda saqlanişi bilan ajralib turadi.
Ğarb tarixnavisligining öziga xosligi esa nazariy umumlaşma va tarixiy qaraşlarning xilma-xilligidadir.
Albatta, bugungi ilmning xolislik tamoyili bilan qarasak ham, musulmon Şarqi tarixçilari masalani aniq hujjatlarga tayanib yoritganligi hamda dalillarning kuçli ekanligi bilan ajralib turibdi.
Ayniqsa, nusxalarni saqlaş, köçiriş va bugunga yetib kelişidagi omonatdorlik alohida yutuqdir. Şu ma’noda, bizga öqitilayotgan tarixning, asosan, Ğarb manbalariga tayanişi juda tuşunarsiz. Bu borada Wolterning qaraşlari juda ahamiyatli – u Ğarbni dunyo markazi deb körsatişni rad qilgan.
Zotan, tarixni örganişda Ğarbni markazga qöyiş oxirgi asrlardagi mustamlaka siyosati bilan boğliq körinadi. Çunki xöjayin özini eng qadimiy va sara deb körsatişni istaydi.
Biz yana diqqat qaratmoqçi bölgan asosiy masala – odamzodning paydo bölişi bilan boğliq.
Tabariy odamzod Odam Atodan tarqalganligini aytadi. U Odam Ato yer yuzining turli joylaridan olingan tuproqdan yaratilgani, şu sababli odamlarning rangi va tabiati har xil ekani haqidagi rivoyatni keltiradi. Töfondan keyin barça xalqlar Nuh alayhis-salomning uç öğli – Som, Hom va Yofasdan tarqalgan deb biladi.
Yaʼqubiy ham tarixni Odam Atodan boşlab, payğambarlar silsilasi orqali bayon qiladi va bunda ahli kitob rivoyatlaridan keng foydalanadi. Keyin hind, yunon va boşqa xalqlarning qadimgi tarixiga ötadi.
Masʼudiy Qurʼondagi Odam Ato qissasi bilan boşlaydi. Xalqlarning Nuh öğillaridan tarqalişini bayon qiladi, şu bilan birga boşqa xalqlarning olam va inson haqidagi qaraşlarini ham qayd etadi.
Beruniyning fikriça, olamning ibtidosiga heç kim guvoh bölmagani uçun bu haqdagi bilim faqat işonçli naql, ya’ni ilohiy kitoblar orqali olinadi va uning aniq sanasini hisoblab bölmaydi.
Ibn al-Asir bu masalada Tabariyga ergaşgan: yaratiliş va Odam Ato qissasini isnodlarsiz, qisqa hikoya şaklida bergan.
Raşididdin jahon tarixini Odam Ato va payğambarlardan boşlaydi. Turk-möğul qismida turkiy xalqlarni Nuhning öğli Yofas avlodidan çiqaradi va şajarani Öğuzxongaça olib boradi. Xitoy tarixi qismida xitoylarning öz rivoyatlarini ham keltirgan.
Xondamir “Habib us-siyar”ning birinçi jildini Odam Atodan boşlaydi. Payğambarlar tarixi bilan birga Eron anʼanasidagi Peşdodiy podşohlarni ham keltiradi, ularning birinçisi Kayumarsdir.
Gerodot insonning paydo bölişi haqida öz nazariyasini bermaydi, lekin xalqlarning bu haqdagi daʼvolarini keltiradi. Misrliklar eng qadimgi xalq ekanliklarini daʼvo qilgan. Firʼavn Psammetix buni tekşiriş uçun ikki gödakni odamlar nutqini eşittirmay östirgan. Bolalar aytgan birinçi söz frigiyaça çiqqani uçun frigiyaliklar qadimiyroq deb topilgan. Misr kohinlari 341 avlodni sanaganini ham yozadi. Skiflar esa özlarini eng yoş xalq deb bilişgan va birinçi odam Targitay bölgan deyişgan.
Diodor ikki qaraşni qayd etadi: olam azaliy degan va olam yaratilgan degan qaraş. Keyin tabiiy izohni bayon qiladi. Unga köra, dastlabki odamlar quyoş isitgan nam yerdan paydo bölgan, hayvonlardek yaşagan, yirtqiçlardan qörqib birlaşgan. Tilni esa tovuşlardan asta-sekin, ehtiyoj tufayli yaratgan. Şuning uçun turli joylarda turli tillar paydo bölgan.
Polibiy insonning yaratilişiga emas, jamiyatning kelib çiqişiga qiziqqan. Uning fikriça, töfon, ölat va oçarçilik insoniyatni qayta-qayta qirib yuborgan. Omon qolganlar podadek tödalanib, eng kuçlisiga böysungan va şu tarzda boşqaruv şakllari davriy almaşinuvi boşlangan.
Yevseviy yaratiliş haqidagi Bibliya hikoyasini qabul qilgan, ammo xronologik jadvallarini Ibrohim payğambardan boşlagan, çunki undan oldingi davr sanalarini işonçsiz deb bilgan. Xaldey va misrliklarning haddan taşqari qadimiy hisoblarini tanqid qilgan.
Orosiy tarixni Odam Atodan boşlaydi. Uning uçun insoniyat tarixi Odam Atoning gunohidan keyingi kulfatlar tarixidir.
Otton Avgustinga ergaşib, “ikki şahar” Qobil va Hobildan boşlangan deb biladi. Qobil dunyoviy şaharga, Hobil samoviy şaharga asos solgan.
Bossyue “Jahon tarixi haqida nutq”ni “Odam Ato yoki yaratiliş” davridan boşlaydi va yaratilişni Bibliya xronologiyasi asosida mil. av. 4004-yil deb sanaydi.
Volter Bibliya xronologiyasini oçiqdan-oçiq tanqid qilgan va tarixni işonçli yil hisobiga ega eng qadimgi sivilizatsiya sifatida Xitoydan boşlagan. U insoniyat turli irqlarga bölinib, alohida-alohida paydo bölgan degan qaraşni (poligenizm) ham ilgari surgan.
Ranke tarixni yozma hujjatlar mavjud bölgan davrdan boşlaş kerak, deb hisoblagan. Şuning uçun “Jahon tarixi”ni qadimgi Şarq xalqlaridan boşlagan, insoniyatning ibtidosini esa tarix fanining vazifasiga kiritmagan.
Shpengler yagona “insoniyat tarixi” tuşunçasini rad etgan. Uning fikriça, insoniyat umumiy maqsad yoki rejaga ega emas. Tarix alohida yuksak madaniyatlarning paydo bölişidan boşlanadi, undan oldingi ibtidoiy inson esa “tarixsiz” holatda yaşagan.
Toynbi insonning biologik paydo bölişini tabiiy fanlar sohasi deb qoldirgan. U ibtidoiy jamiyatlar juda uzoq davr yaşagan holda sivilizatsiyalar nisbatan yaqinda, taxminan sönggi olti ming yil içida paydo bölganini taʼkidlagan.
Sivilizatsiyaning paydo bölişini "çaqiriq va javob" bilan izohlagan: masalan, Misr va Shumer sivilizatsiyalari qurğoqçilik çaqiriğiga javob sifatida yuzaga kelgan.
Xulosa qilsak, Şarq tarixçilari va Ğarbning xristian davri mualliflari insoniyat tarixini bir manbadan – Odam Atodan boşlaydi. Ular xalqlarning kelib çiqişini Nuh öğillaridan tarqaliş orqali tuşuntiradi.
Ikkala tomonda ham yaratiliş sanasini aniqlaşga urinişlar bölgan, masalan, Yevseviy va Bossyue.
Ikkala tomonda ham boşqa xalqlarning qadimiylik haqidagi daʼvolarini tanqid qilganlar bor. Beruniy turli xalqlarning ziddiyatli hisoblarini foş qilgan bölsa, Yevseviy xaldey va misrliklarning hisoblarini tanqid qilgan.
Şarq tarixçilari bu masalada anʼanaga sodiq qolgan. Ular boşqa xalqlarning qaraşlarini (Kayumars, hind kosmik davrlari, xitoy rivoyatlari) inkor etmay, qayd etiş va qiyoslaş yölidan borgan.
Ğarbda qaraşlar keskin özgargan: antik davrdagi tabiiy izohdan (Diodor) Bibliyaga asoslangan tarixga ötilgan. Yangi davrda esa bu masala tarix fanidan çiqarib taşlangan (Ranke, Shpengler, Toynbi).
Beruniyning yaratiliş sanasini aqliy hisob bilan aniqlab bölmaydi, degan fikri ilmiy ehtiyotkorlik jihatidan Ğarbda ança keyin şakllangan qaraşlarga yaqin turadi.
Biz aytmoqçi bölgan gap şuki, insoniyat qariyb XIX asrga qadar özini Odam Atodan deb işonib kelgan. Şu asosda tarixlar yozilgan. Keyin birdan buni inkor etiş boşlangan. Bunga biz ismini keltirganimiz Ranke, Shpengler va Toynbi kabi tarixçilarni misol qilamiz.
Qiziq, yangi davrga kelib odamlar tösatdan “aqlli” bölib, Odam alayhis-salomni inkor etib qoldimi? Yoki odamzod tarixida bölmagan bu qaraşni kimdir singdirdimi?
Bu masalada aniq bir javobni aytiş imkonsiz. Lekin aniği şuki, maktablarda tarix kitoblarida bolalarga Odam alayhis-salom haqida emas, Olduvay yoki Neandertal vodiysidan “topilgan”i da’vo qilinadigan “suyaklar” asosida odamzod maymunroq bir hayvondan paydo bölgani singdirib kelinmoqda.
Kitobimizning uzoq çözilgan uşbu bobini bir savol bilan yakunlasak: agar inson özini Odam alayhis-salomdan tarqaganman deb hisoblasa nima böladi-yu, yoki insonning paydo bölişi tarixi aniq emas, balki maymunroq bir hayvondan paydo bölgandirman deb işonsa, nima böladi? Bu uning hayot tarzi, xulqi va qalbining holatiga, nafsi va aqliga naqadar ta’sir ötkazadi?
Muhtaram kitobxon unutmagan bölsa kerak, biz ozod odam falsafasi haqida gap boşlaganmiz. Odamning özi, zoti va paydo bölişi haqida işonçli va qat’iy xulosaga kelişi bu masalada ahamiyatli ekanligini Siz ham yaxşi bilasiz, albatta.
Akrom MALIK




Izohlar
Hali izoh yöq. Birinçi bölib fikr bildiring.